Majlis davomida 2025 yil uchun davlat byudjeti to'g'risidagi qonun aholi farovonligini oshirish, qashshoqlikni kamaytirish, ijtimoiy soha xizmatlari sifatini yanada oshirish, "yashil iqtisodiyot"ni rivojlantirish va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilganligi ta'kidlandi. Hujjatga muvofiq, 2025 yilda inflyatsiya darajasi iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda 7% atrofida bo'lishi kutilmoqda.
Qonunda 2025 yil uchun konsolidatsiyalangan byudjetning daromadlari 431 trillion so'm, xarajatlari esa 480,5 trillion so'm qilib belgilangan, bu esa konsolidatsiyalangan byudjet defitsitini Yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3% dan oshmasligini ta'minlash maqsadiga asoslanadi.
Davlat byudjetining daromadlari 308,5 trillion so'm, xarajatlari esa 344,8 trillion so'mni tashkil etadi. Davlat maqsadli fondlarining daromadlari va xarajatlari (byudjetlararo transfertlarni hisobga olmaganda) 66,4 trillion so'm va 62,8 trillion so'm miqdorida rejalashtirilgan.
Qonunda kelgusi yil uchun xarajatlarning ijtimoiy yo'nalishi saqlanib qoladi. Shunday qilib, davlat byudjetining 52% xarajatlari, ya'ni 177,7 trillion so'm ijtimoiy soha uchun sarflanadi.
Hujjatni muhokama qilish davomida senatorlar byudjet daromadlarini oshirish, byudjet mablag'larini maqsadli sarflashga alohida e'tibor qaratdilar va o'z fikrlarini bildirdilar.
2025 yil uchun davlat byudjetining xarajatlarida ekologiya va tabiatni muhofaza qilish tadbirlari uchun 3,6 trillion so'm, sog'liqni saqlashga esa 41,3 trillion so'm ajratilishi ko'zda tutilgan, bu 2024 yilda kutilyotgan ijro bilan solishtirganda 19,8% ga ko'proqdir.
Shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan 2025 yilda mintaqalardagi dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etish, mahallalarning infratuzilmasini yaxshilash va davlat ahamiyatiga ega tadbirlarni amalga oshirish uchun mablag'lar ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Senatorlar qonunda byudjetning daromad bazasini kengaytirish, aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, qashshoqlikni kamaytirish, ta'lim, sog'liqni saqlash va mahallalarning infratuzilmasini takomillashtirish, shuningdek, tabiatni muhofaza qilishni rag'batlantirish masalalariga e'tibor qaratilganligini ta'kidladilar.