Qayd etilganidek, so'nggi yillarda poytaxtdagi tirbandliklarni kamaytirish va aholiga sifatli avtotransport xizmatlarini ko'rsatish maqsadida jamoat transportining kengaytirilgan foydalanishiga qaratilgan amaliy choralar ko'rilmoqda. Xususan, Toshkentda so'nggi ikki yil ichida avtobuslar soni 2 baravar oshdi, avtobuslar uchun 48,2 km uzunlikdagi alohida yo'llar o'rnatildi, avtobuslar orasidagi interval 2 baravar qisqardi, yo'lovchilar soni ham 2 baravar oshdi.
Ammo, poytaxtda yo'llardagi tirbandliklar aholi uchun dolzarb muammolardan biri bo'lib qolmoqda. So'nggi 2-3 yil ichida Toshkent shahrida har kuni 7-9 balli tirbandliklar kuzatilmoqda, ba'zida ular 10 ballgacha yetmoqda.
«Amaldagi qonunchilikda jamoat transporti uchun ajratilgan yo'llarda harakatlanayotgan transport vositalari haydovchilarining javobgarligi belgilangan emas. Bu esa, o'z navbatida, yo'l harakati va jamoat transportining erkin harakatiga salbiy ta'sir ko'rsatadi», - deya ta'kidlandi yig'ilishda.
Taklif etilayotgan qonun loyihasi jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo'llarda yo'l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni belgilashni nazarda tutadi.
Initsiyatorlar qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat transportida yo'lovchilarni sifatli va qulay xizmat ko'rsatish, jamoat transportining ustuvorligini ta'minlash va yo'l harakatining xavfsizligini oshirishga xizmat qiladi, deb ta'kidladilar.
Yig'ilishda birinchi o'qishda ko'rib chiqilgan yana bir qonun loyihasi yo'l harakati xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan. Xususan, unda transport vositalarining piyodalar yo'laklari, velosiped yo'llari va yashil zonalarda harakatlanishini oldini olishga qaratilgan normalar belgilangan.
Hujjatda aholi tomonidan yo'lning harakat qismida noqonuniy to'siqlar o'rnatilishi yoki yo'llarni to'sib qo'yish, transport vositalari va fuqarolarning harakatini to'sishga qarshi choralar belgilangan.
Yig'ilishda deputatlar ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi yo'l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta'minlaydi va ularning erkin harakat qilishi uchun sharoit yaratadi, deb ta'kidladilar.
Qonun loyihalari deputatlar tomonidan birinchi o'qishda qabul qilindi.